O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Energetika sohasini isloh qilishning navbatdagi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 28-sentabrda PF-166-son Farmoniga asosan, 2024-yil 1-iyuldan boshlab elektr energiyasini markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish funksiyasini bajaruvchi “O‘zenergosotish” AJ tashkil etilib, o‘z faoliyatini boshladi.
“O‘zenergosotish” AJning tashkil etilishini elektr energiyasining raqobatga asoslangan ulgurji bozori mexanizmiga o‘tishning dastlabki qadami sifatida ko‘rish mumkin.
Prezident Farmoniga asosan Jamiyatning asosiy vazifasi – dastlabki bosqichda elektr energiyasining raqobatga asoslangan ulgurji bozori mexanizmiga o‘tish davrida elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilardan elektr energiyasini xarid qilish hamda hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga va yirik iste’molchilarga belgilangan tariflarda sotish bo‘lsa, keyingi bosqichda elektr energiyasini onlayn savdo platformasida talab va taklif asosida erkin narxda sotish hisoblanadi.
Bundan tashqari, “O‘zenergosotish” AJ elektr energiyasining eksporti va importi operatsiyalarini shartnomalar asosida amalga oshiradi.
Bugungi kunda, “O‘zenergosotish”AJ “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “O‘zbekgidroenergo” AJ va 14 ta hududiy elektr tarmoqlari korxonalari bilan elektr energiyasini sotish bo‘yicha shartnomalarni hamda qo‘shni davlatlar bilan eksport va import shartnomalarini rasmiylashtirgan holda joriy yil 1 iyuldan boshlab elektr energiyasini oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshirmoqda.